Holmuhammedov: Rossiya harbiy sohada O‘zbekistonning asosiy ittifoqdoshidir

O‘zbekiston Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Shuhrat Xolmuhammedov va uning rossiyalik hamkasbi Valeriy Gerasimov Moskvada muzokaralar o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekiston Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Shuhrat Xolmuhammedov Rossiya harbiy sohada O‘zbekistonning asosiy ittifoqdoshi ekanini ma’lum qildi.
“Rossiya harbiy sohada bizning eng muhim va asosiy hamkorimizdir”, - dedi Xolmuhammedov Moskvada bo‘lib o‘tgan rossiyalik hamkasbi Valeriy Gerasimov bilan muzokaralarda. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
U shtablar muntazam o‘tkazayotgan muzokaralar harbiy va harbiy-texnik hamkorlik holatini tahlil qilish, o‘zaro hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga imkon berishini ta’kidladi.
“Harbiy sohadagi hamkorligimiz mintaqa barqarorligini ta’minlashning asosiy omilidir. Biz uni keyin ham rivojlantirish niyatidamiz”, - dedi Valeriy Gerasimov.
Gerasimov Rossiya Mudofaa vazirligi O‘zbekistonni Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik hamkori sifatida bilishini qayd etgan.