Toshkentda ijarada yashagan besh talabaning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ochiqlandi

Bosh prokuratura Toshkentda ijarada yashagan besh talabaning o‘limiga is gazi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi uyda ijarada yashagan besh nafar talabaning o‘limiga is gazi sabab bo‘lgan.
“Daryo” nashrining Bosh prokuratura matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib yozishicha, voqea joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik xizmati tomonidan tekshirishdan o‘tkazilgan. Xonadon egasi G.M. vafot etganlar bilan birga ijarada yashagan N.A. “Bunyodkor-dudbo‘ron xavfsizligi” kompaniyasining dudbo‘ronlar pechka ustasi Z.X. batafsil so‘roq qilingan.
“Shuningdek, 26-fevral kuni soat 22:00 dan 27-fevral kuni soat 09:00 oralig‘ida Injobod ko‘chasidagi uyga qanday kuchlanishda tabiiy gaz yuborilgani va odatiy kunda tabiiy gaz kuchlanishining miqdori haqida “Hududgazpoytaxt”dan hamda Gidrometeorologik xizmatidan shu vaqt oralig‘ida bo‘lgan ob-havo ma’lumotlari olindi”, — deyilgan xabarda.
Beshala yigitning hammasi is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasidagi o‘tkir nafas va yurak qon-tomirlari yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan. Bu Respublika sud tibbiyot ekpertiza ilmiy-amaliy markazining 15-martdagi yakuniy xulosalari bilan tasdiqlangan.
Samarqandda is gazi to‘rt kishining umriga zomin bo‘ldi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ijaradagi uydan besh talabaning murdasi topilgani xabar qilingan edi. Ular Toshkent Axborot texnologiyalari, Singapur va “Inha” universiteti talabalari bo‘lishgan. Ilk rasmiy ma’lumotlarda talabalar noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish oqibatida vafot etgani aytilgan edi.