TOShKENT, 28 mar — Sputnik. 30-mart kuni O‘zbekistonga Vengriya bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan keladi. Bu haqda Vengriya hukumati matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, tashrif davomida Viktor Orban Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi.
Ma’lumotga ko‘ra, muzokaralar davomida ikkitomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqirozga qarshi global kurash masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, qayd etilishicha, vengriyalik biznes vakillari ham Toshkentga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik hamkorlari bilan iqtisodiy va savdo imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib boradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 15-oktabr kuni Turkiy kengashning Bokudagi sammiti doirasida Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni qabul qilgan edi.