TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi “Sovungar” mahallasida yashovchi ayol o‘zi va farzandlarining joniga suiqasd qilgani bilan bog‘liq holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ona hodisa tufayli halok bo‘lgan, uning uch qizi esa omon qolgan.
Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Navoiy viloyati hokimligiga xat bilan chiqqan va hodisa sabablarini o‘rgangan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Z.J.ning oilaviy sharoiti moddiy jihatdan o‘rtahol va ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lgan.
“So‘nggi vaqtlarda u bilan turmush o‘rtog‘i O.R. “Sen o‘g‘il farzand tug‘maysan” deb janjallashib turganligi sababli, uning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lgan”, - deyilgan Senat xabarida.
Lekin ayol qolgan oila a’zolari yoki boshqa shaxslar bilan kelishmovchilikka bormagan.
Joriy yilning yanvar oyida ayol yana qiz farzandga homilador ekanini bilgan. Natijada ayol o‘z xohishi bilan homilasini oldirib tashlagan.
Bundan tashqari, u oilasidagi kelishmovchilik yuzasidan biror marotaba MFY xodimlariga yoki tuman IIB profilaktika inspektoriga murojaat qilmagan.
Ayni vaqtda Navoiy transport prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan.