TOShKENT, 24 mar — Sputnik. “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021–2023 yillarda kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha istiqbolli reja ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, joriy yilda 5 400 dona mahsulot ishlab chiqarish nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, yangidan tashkil etiladigan kulolchilik markazlaridagi turar va noturar joylar uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalari ularga nisbatan mulk huquqi kulollarga berilgan oydan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatiladi.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hunarmandchilik uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida 500,0 milliard so‘m miqdorida kredit ajratiladi.
2021 yil 1-aprelgacha usta-shogird an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashi uchun subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.
Har yili “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurayotgan 100 ming nafar xotin-qizlarga reja bo‘yicha kulolchilik mahsulotlari to‘plamini sovg‘a qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Xalqaro aeroportlar “Duty free” hududlarida va temir yo‘l vokzallarida kulolchilik va boshqa turdagi hunarmandchilik mahsulotlari savdosi uchun maxsus joylar ajratiladi.
Vazirlik, idoralar, tijorat banklari hamda davlat korxonalari 2022-yil 1-sentabrgacha kulollar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali kulolchilik mahsulotlarini xarid qilishi mumkin.
Qarorga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Rishton tumanida kulollar uchun qurilgan xonadonlarni sotib olish maqsadida kulollarga:
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan xonadonlar qiymatining 50 foizi miqdorida boshlang‘ich badalsiz, faqat mazkur xonadonlar garovi ostida 20-yil muddatga, 3-yil imtiyozli davr bilan, Markaziy bankning asosiy stavkasida ipoteka kreditlari ajratiladi;
- xonadonlar qiymatining 50 foiz miqdori “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan qoplab beriladi.