"Vaksina olishdan emas, olmaslikdan xavfsirash kerak" - epidemiolog bilan suhbat

Aprel oyining birinchi sanasida O‘zbekistonda ommaviy vaksinatsiyaga start berilishi rejalashtirilmoqda. Birinchi navbatda yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar, yuqori xavf ostida bo‘lganlar vaksina olishlari ko‘zda tutilgan.
Sputnik
65 yoshdan katta bo‘lganlar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turuvchilar, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari transport xodimlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, mehnat migrantlari ketma-ketlikda emlanishi rejalashtirilmoqda.
SSV: 1-apreldan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatiladi
Vaksina olishdan nega xavfsirash kerak emas, emlangandan keyin qanday qoidalarga amal qilish muhimligi haqida Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasining immunoprofilaktika bo‘limi mudiri, vrach epidemiolog Vazira Mutalova so‘zlab berdi.

- Vazira Mo‘minovna, O‘zbekiston poytaxti vaksinatsiya jarayoniga tayyormi?

- Albatta. Respublika miqyosida olib borilgan bu tayyorgarlik. Jumladan, Toshkent shahrida ham aholi orasida koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini amalga oshirish uchun tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda.
Birinchi apreldan ommaviy vaksinatsiya boshlanadi
Mana, hozirgi kunda respublikamizga 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi keltirilgan. Jumladan, vaksinaning 86,9 ming dozasi Toshkent shahri aholisida emlash ishlarini amalga oshirish uchun ajratilgan.
Aytish joizki, vaksinalarni saqlash, tashish, ularni transportirovka qilishning o‘ziga xos tartiblari bor. Ular alohida harorat rejimida saqlashni talab etadi. Shuning uchun ham respublikamizda bugungi kunda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyat, shahar, tuman bosqichlarida barchasida vaksina saqlash omborxonalari keltiriladigan vaksinalarni qabul qilishga tayyor holatga keltirilgan.
Mesto xraneniya vaksin
2020 yilda barcha ushbu vaksina saqlash omborxonalari qayta qurilgan yoki rekonstruksiya qilinib, ularda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shu bilan bir qatorda viloyat va shahar vaksina saqlash omborxonalarida yangi, katta hajmli kameralar bilan ta’minlangan.
Xususan, bizning Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ham ikkita katta hajmli (30 kubometrli) kamera bilan jihozlandi.
Mesto xraneniya vaksin
Joriy yilning fevraligacha barcha vaksina saqlash omborxonalari vaksina saqlashga mo‘ljallangan Avtorefrijeratorlar, miniven avtomobillari bilan ham ta’minlandi.
Shu bilan bir qatorda oilaviy poliklinikalar, emlash punktlariga qo‘shimcha ravishda sovutgichlar yetkazib berildi. Ular vaksinani tashishga mo‘ljallangan termosumkalar bilan ta’minlandi.

Hozirda Toshkent shahrining o‘zida 210 ta vaqtinchalik emlash punktlari tashkil etildi. Ularda 191ta emlash mobil brigadalarimiz jamlandi. Har bitta emlash brigadamizning o‘zida: emlash jarayoniga kelgan fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifokor, vaksinani amalga oshirish uchun vaksinator hamda uning dubleri, jarayonni ro‘yxatga olib turish uchun registlartordan iborat emlash brigadalarini tashkil etganmiz.

Hozirgi kunda qabul qilib olinayotgan vaksinalar Toshkent shahar vaksina saqlash omborxonasida saqlanmoqda. Qabul qilingan vaksinalarning barcha viloyatlar bo‘yicha taqsimotlari tayyorlangan.
Vaksina bilan emlash jarayoni boshlanishidan bir kun avval bu vaksinalar tuman sanepid osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limlari tomonidan bizdan olib ketiladi va emlash jarayonlarini amalga oshiradigan oilaviy poliklinikalarga yetkazib beriladi.

- AstraZeneca atrofidagi bahs-munozaralarga qanday fikr bildirasiz?

- Haqiqatan, bugun aholi o‘rtasida ushbu vaksina atrofida turli mish-mishlar avj olgan. Ko‘plari bu vaksinani olmaslik haqida o‘ylab qolishgan, hatto. Meni fikrimcha, umuman vaksina olishdan xavfsiramaslik kerak, aksincha, olmaslikning xavfi haqida o‘ylab ko‘rgan ma’qul.
Misol keltiradigan bo‘lsam, bugun 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 xil yuqumli kasallikka qarshi rejali ravishda emlanib kelinadi. Emlash tufayli bugungi kunda respublikaizda poliomiyelit kasalligi qayd etilayotgani yo‘q, gepatit B kasalligi qayd etilayotgani yo‘q, ko‘kyo‘tal kasalligi sanoqli holatda qayd etilishiga erishilgan.
Bu kasalliklardan o‘lim holatlari qayd etilayotgani yo‘q.
Vaksinalar aynan aholi salomatligini asrash uchun ishlab chiqarilgan.

- Koronavirusga qarshi vaksinalar xavfsiz demoqchisizda?

- O‘zbekiston Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan samaradorligi tan olingan, xavfsizligi kafolatlangan va favqulodda holatlarda koronavirus kasalligiga qarshi emlash uchun ishlatishga tavsiya etilgan vaksinalardan foydalanadi.

- Vazira Mo‘minovna, COVID-19ga qarshi emlash tadbirlari O‘zbekistonda aprel oyi boshida boshlanishi e’lon qilindi. Birinchi galda aholining 20 foizi emlanishi aytilgan edi. Ular kimlar?

- Dastlab, respublikaga olib kelinadigan vaksina cheklangan miqdordaligi bois, barchani emlash imkoni bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga asosan, aholi kasallikni yuqtirib olish xavfiga qarab toifalarga bo‘lingan. Olib kelingan vaksinalar bilan emlash ham shu ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
Hech qanday xorijiy vaksina bu darajada himoya qilish qobiliyatiga ega emas - Putin
Unga muvofiq:
Yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar: 65 yoshdan katta bo‘lganlar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turuvchilar;
Yuqori xavf ostida bo‘lganlar: Qurolli kuchlar va huquqni muxofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, transport xodimlari (metro, temir yo‘l, aeroport), maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, mehnat migrantlari ketma-ketlikda emlanishi rejalashtirilmoqda. Shundan keyin asta-sekin aholining boshqa qatlamlari ham qamrab olinadi.
Hozirgi kunda emlanuvchi kontingentning elektron ro‘yxati shakllantirilmoqda va birinchi galda emlanuvchilar jadval asosida oilaviy poliklinikalarga taklif etiladi.

- Kimlar emlanmaydi? Kimga mone’liklar bor?

- Emlash jarayonida oilaviy shifokor tomonidan vaksinalash uchun kelgan fuqaro, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bunda avvalambor fuqaroning sog‘lig‘iga: unda haroratning yo‘qligi, qon bosimining normal holatda bo‘lishiga e’tibor beriladi. Agar emlanuvchida dorivor vositalarga kuchli allergiya kuzatilgan bo‘lsa, u holda vaksinalashga tibbiy cheklov beriladi.
Shu bilan bir qatorda, ko‘rik paytida kishi harorati yuqori bo‘lsa, somatik yoki yuqumli kasallik simptomlari yuzaga chiqqan paytda ham tibbiy cheklov beriladi.
“Sputnik V” dunyoda eng ko‘p odamlar biladigan vaksina deb e’tirof etildi
Shu jumladan, OIV infeksiyasiga chalingan va autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan, anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni, 18 yoshgacha bo‘lganlarni, homilador va emizikli ayollarni emlash tavsiya etilmaydi.
Umuman olganda, emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi.
Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi.

- O‘zbekistonda koronavirus kasalligi qayd etilishi davom etapti. Bunday bemorlar bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarni emlash mumkinmi?

- Bunday toifadagi kishilar 14 kunlik karantin tadbirlari tugamaguncha emlanmaydi. Undan keyin agar u sog‘lom ekanligi aniqlansa, emlanishi mumkin.
Hozirgi kunda men o‘tgan yil yoki 6 oy avval koronavirus kasalligini boshdan kechirganman, meni organizmimda bu infeksiyaga qarshi kurashuvchi antitanachalar bor, shu bois, vaksina olishim shart emas, deya o‘ziga-o‘zi xulosa chiqarayotgan fuqarolarimiz ham bor.
Ammo COVID-19 bilan bog‘liq xavflarning yuqoriligi va u bilan kasallanish ehtimolining borligi sababli, ushbu kasallik bilan avval kasallangan bo‘lishidan qat’iy nazar emlanish shart.

- Emlangandan keyin qanday tavsiyalar berasizlar?

- Fuqaro emlangandan keyin 3 kun davomida sauna qabul qilishi kerak emas, achchiq va sho‘r mahsulotlarni iste’mol qilish ham ta’qiqlanadi.
Umuman olganda, koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi, keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam nazoratda bo‘lib, ularning sog‘lig‘i, ahvoli ko‘zdan kechiriladi. Allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari jalb etiladi.