Rossiyadan qaytgan fuqaroda taqiqlangan diniy materiallar aniqlandi

Fuqaro o‘zining “Xiaomi” va “Samsung” smartfonlari xotirasida norasmiy diniy tashkilotlarga taalluqli bo‘lgan materiallarni saqlagan.
Sputnik
TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Toshkent aeroportida taqiqlangan diniy materiallarni tarqatgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi xabar berdi.
Organ xodimlari Sankt-Peterburg-Toshkent yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan 21 yoshli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida ro‘yxatda turuvchi X.F. bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan.
Suhbat natijasida u Rossiyada ishlashi davomida terrorchilik tashkiloti yollovchilarining ta’siriga tushib, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashi aniqlangan. U o‘zining “Xiaomi” va “Samsung” smartfonlari xotirasida norasmiy diniy tashkilotlarga taalluqli bo‘lgan materiallarni saqlagan. Bundan tashqari, ularni yaqin tanishlariga ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqatib kelgan.
Yoshlarni Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shish uchun jo‘natib kelayotgan shaxs qo‘lga olindi
Mazkur holat yuzasidan X.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 1-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.