TOShKENT, 23 mar - Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin seshanba, 23-mart kuni vaksina oladi. Bu haqida prezidentning o‘zi 22-mart kuni Novo-Ogarovo rezidensiyasida bo‘lib o‘tgan majlis vaqtida ma’lum qildi.
"Bugungi kunda Rossiyada 6,3 mln kishi vaksinaning birinchi komponentini olgan va 4,3 mln kishi to‘liq vaksinalangan. Bu Rossiya vaksinasining mutlaq ishonchli ekanini tasdiqlaydi. Undan tashqari hech qanday xorijiy vaksina bu darajada himoya qilish qobiliyatiga ega emas. Bu bizning mutaxassislarimizning so‘zsiz muvaffaqiyatidir", - dedi Putin.
Rossiya prezidenti aynan qaysi vaksina bilan emlanishi ham aniq aytilmagan. Prezident Rossiyada ishlab chiqarilgan uch preparatdan birini oladi, deyilgan xabarda.
Putinning vaksina olish jarayoni kameralar oldida bo‘lmaydi. Bu Rossiya prezidenti vaksina olish jarayoni bilan boshqalarni undashga harakat qilmayotganidan darak beradi. Umuman, Rossiyada vaksinalashga talab shundoq ham juda yuqori, dedi Dmitriy Peskov.