Buxoroliklar jamoat transportida niqobsiz yurish taqiqlangani haqida ogohlantirildi

Tartibga rioya qilmaganlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llaniladi va jarimaga tortiladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Buxoro viloyatida ham ham jamoat transportida niqobsiz yurish taqiqlandi. Bu haqda viloyat transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Boshqarma fuqarolarni avtotransport va jamoat transportlari xizmatlaridan foydalanilganda hamda yirik savdo markazlari va aholi gavjum joylarda niqob taqish hamda ijtimoiy masofani saqlash rejimiga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.
“Niqobsiz yurish qat’iyan man qilinadi. Tartibga rioya qilmaganlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llaniladi va jarimaga tortiladi”, - deyilgan.
Xabarda faqatgina ijtimoiy masofaga va majburiy niqob taqish rejimiga qat’iy rioya qilinishi kasallanish tarqalishining oldini olishga yordam berishi qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida karantin talablariga rioya qilish qat’iy nazoratga olinishi xabar qilingan edi. O‘z navbatida, Adliya vazirligi jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurganlik uchun jarima borligi va u bekor qilinmaganini fuqarolarga eslatgan.