Xitoyda o‘zbekistonlik olimlar hamkorligida yaratilgan vaksinadan favqulodda foydalaniladi

Mazkur vaksina Xitoy Xalq Respublikasida tezkor foydalanish uchun ruxsat berilgan koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan to‘rtinchi vaksina hisoblanadi.
Sputnik
TOShKENT, 20 mar - Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar hamkorligida yaratilgan vaksinadan Xitoyda favqulodda foydalanishga ruxsat berildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
"Xitoy fanlar Akademiyasi Mikrobiologiya instituti va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan yaratilgan hamda o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlari olib borilgan koronavirusga qarshi yangi (SNO hujayrali) rekombinant vaksinasi Xitoyda favqulodda foydalanishga ruxsat berildi", - deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda Xitoy vaksinasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Mazkur vaksina Xitoy Xalq Respublikasida tezkor foydalanish uchun ruxsat berilgan koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan to‘rtinchi vaksina hisoblanadi. Vaksina ustidagi tadqiqotlar 2020-yilning boshida boshlangan bo‘lib, ilmiy natijalari xalqaro “Cell” jurnalida chop etildi. 2020-yilning oktabrida vaksinaning I va II faza sinovlari yakunlandi.
Natijalarda vaksinatsiyaning butun kursi davomida yengil reaksiyadan ortiq jiddiy nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelmagani qayd etildi, shuningdek, vaksinani qabul qilishda samardorlikni baholovchi xususiyatlardan biri bo‘lgan qonda neytrallovchi antitanachalarning hosil bo‘lishi belgilangan talablarga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.
O‘zbekistonda aholini COVID-19ga qarshi emlash uchun nimalar qilinmoqda – video
2020 yilning noyabr oyidan Xitoy, O‘zbekiston, Pokiston, Ekvador va Indoneziyada vaksinaning III faza klinik sinovlari boshlandi. Mazkur III faza klinik tadqiqotlari muvaffaqiyatli o‘tdi, tadqiqotlarni birinchilardan boshlagan O‘zbekistonda ham vaksinaning jiddiy nojo‘ya ta’sirlari aniqlanmadi.
Mazkur vaksina bo‘yicha tadqiqot ishlarida faol ishtiroki uchun xitoylik hamkorlar tomonidan O‘zbekiston hammuallif sifatida tan olindi. Vaksina O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan ro‘yxatdan o‘tdi. Vaksina saqlash va transportirovkasi jarayonlari kamharjligi bilan ajralib turadi.