TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Samarqand tuman hokimligida o‘tkazilgan sayyor sudda bir necha yildan buyon aliment to‘lamay kelayotgan besh ota panjara ortiga jo‘natildi.
“Zarafshon” nashri xabariga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro U.B. o‘z farzandi uchun aliment to‘lashi belgilangan. Biroq u 25 oydan buyon aliment pullarini to‘lamagan va 19 million 161 ming so‘m aliment qarzdorligi kelib chiqqan.
Natijada unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 2021-yil 11-martdagi qaroriga asosan U.B.ga 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, yana to‘rt ota alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamaganligi uchun xuddi shu muddatga qamalgan. Ularning qarzdorligi 6 milliondan 24 million so‘mgacha bo‘lgan.
Maslahat va suhbatlardan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota Sh.X. ikki nafar farzandining kelajagi uchun turmush o‘rtog‘i Sh.R. bilan yarashgan.