TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Qirg‘izistonda bu yil muqaddas Ramazon oyi 13-14 aprel kunlari boshlanadi, ammo bu taxminiy sana. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston agentligi mamlakat Musulmonlar idorasi boshqarmasi matbuot xizmatiga tayangan holda xabar qilmoqda.
Idora aniq ma’lumot Oy ko‘rinishiga qarab, ro‘za boshlanishiga yaqin berilishini ta’kidlagan. Shuning uchun Qirg‘iziston Musulmonlar idorasi boshqarmasi sana o‘zgarishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Ramazon musulmonlarning muqaddas oyi va Islom dinining besh ustunidan biridir. Hadislarda Ramazon hiloli ko‘ringach ro‘za tutilishi aytilgan. Sha’bon oyining 29 kuni tugagach, ochiq joyga borib yangi oy ko‘rinishi poylanadi. Shundan so‘ng muqaddas oy qaysi kunga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda muborak Ramazon oyining boshlanishi 24-aprel kuniga to‘g‘ri kelgan edi. Prezident qarori bilan Ramazon oyini karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida o‘tkazish belgilangan edi.