TOShKENT, 12 mar - Sputnik. Rossiya Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) kompaniyalarga Kaliningraddan O‘zbekiston shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirish huquqini berdi, deb xabar qilmoqda agentlik matbuot xizmati.
Tegishli qaror 10-mart kuni idora saytida e’lon qilingan.
Parvozlar "Uralskie avialinii" tomonidan haftasiga uch martadan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
— Kaliningrad — Qarshi;
— Kaliningrad — Buxoro;
— Kaliningrad — Samarqand;
— Kaliningrad — Farg‘ona;
— Kaliningrad — Nukus;
— Kaliningrad — Namangan";
— Kaliningrad — Navoiy;
— Kaliningrad — Urganch.
Parvozlarga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni tiklash uchun asos bo‘la olmaydi. Aviakompaniyalar parvozlarni tashkil etish huquqini faqat xorijiy davlatlar chegaralari ochilgandan keyingina olgan. O‘tgan yilning martidan boshlab Rossiyada xalqaro yo‘lovchi reyslari koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtatilgan edi.
Ilgariroq esa, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi avia-qatnovlar mart-aprel oylarida tiklanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.