Qirg‘iziston prezidenti Toshkentga keldi

Toshkent xalqaro aeroportida Sadir Japarovni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bugun, 11-mart kuni davlat tashrifi bilan mamlakatga keldi.
O‘zA xabariga ko‘ra, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Ta’kidlanishicha, bugun Ko‘ksaroy qarorgohida ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Davlat rahbarlari uchrashuvi kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish o‘rin olgan.
Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi tafsilotlari borasida ma’lumot berildi
Shuningdek, oliy darajadagi muzokaralarda madaniyat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidentining mamlakatga tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.