TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov joriy yilning 11-12 mart kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Ikki mamlakat yetakchilari uchrashuvining kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish, madaniyat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm borasidagi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb jihatlari o‘rin olgan.
Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning turli yo‘nalishlariga aloqador qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif dasturiga muvofiq Sadir Japarov O‘zbekiston Oliy Majlisining ikkala palatasi rahbarlari va bosh vaziri bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi, mamlakat sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishadi.