TOShKENT, 9 mar — Sputnik. 3-aprel kuni Toshkentdagi “Humo arena” muz saroyida Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari bronza medali sovrindori, professional boksda WBA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyevning navbatdagi jangi bo‘lib o‘tadi.
Unda Ahmadaliyev yaponiyalik Rosuke Ivasaga qarshi jangda chempionlik kamarlarini himoya qiladi.
Mazkur jang anderkardida Isroil Madrimov, Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov, Iqboljon Xoldorov, Mirazizbek Mirzahalilov, Bahodir Jalolov, Elnur Abduraimov, Sanjar Tursunov kabi nomdor bokschilar ham ringga ko‘tarilishadi.
Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi qo‘mita mutasaddilari “Humo arena”ga tashrif buyurib, bo‘lajak boks kechasiga tayyorgarlik bo‘yicha dastlabki muzokaralarni olib borishdi. Uchrashuvda “Humo arena” direktori Rustam Mardiyev, MOQ va O‘zbekiston boks federatsiyasi vakillari, chiptalar bilan shug‘ullanuvchi i-ticket kompaniyasi mutasaddilari, tadbirlar tashkil qilish bo‘yicha PR kompaniyalar menejerlari ham ishtirok etishdi.