TOShKENT, 8 mar — Sputnik. 7-mart kuni Tehronga tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidikov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xodi Sulaymonpur bilan uchrashdi.
© MID Uzbekistana
Tomonlar O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar, xususan, 2021-yilda tashkilotga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi va turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida fikr almashdilar.
4-martda videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 14-sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
IHT Bosh kotibi O‘zbekiston rahbarining takliflari tashkilotga a’zo mamlakatlar tomonidan katta qiziqish va qo‘llab-quvvatlashga sabab bo‘lganligini ta’kidladi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar doirasida tadbirkorlar va xorijiy investorlarning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shu nuqtayi nazardan so‘nggi yillarda O‘zbekistonning tuzilmaga a’zo davlatlar bilan umumiy tovar aylamasi hajmi bir yarim baravarga oshib, 9 milliard AQSh dollarini tashkil etgani ta’kidlangandi. O‘zbekistonda IHTga a’zo mamlakatlarning 5 mingga yaqin korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tashkilot Bosh kotibi joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.
Muzokaralar chog‘ida, O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning boshqa dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.