Qoraqalpog‘istonda besh kishi is gazidan zaharlanib o‘ldi

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumnida bir oilaning 4 a’zosi va mehmon is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ular orasida voyaga yetmaganlar ham bor.
Sputnik
TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumnida bir oilaning 4 a’zosi va mehmon is gazidan zaharlanib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda respublika prokuraturasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qoraqalpog‘istonda bir kechada olti kishi, jumladan ikki bola is gazidan zaharlanib o‘ldi
Hodisa haqidagi xabar 2021-yil 6-mart kuni soat 11:30 larda tuman IIBga kelib tushgan. “Yangiobod” MFYda yashovchi fuqaro I.U.(erkak) va uning qizlari R.S. (2003 yilda tug‘ilgan), R.A. (2010 yilda tug‘ilgan) va o‘g‘li R.M. (2005 yilda tug‘ilgan) hamda ushbu xonadonga mehmonga kelgan A.Sh. xonadonda o‘rnatilgan isitish pechidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etgan.
Ushbu holat yuzasidan To‘rtko‘l tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Odam o‘lishiga, boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tuman IIB dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi choyxonada uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etgani xabar qilingan edi.