Toshkent va boshqa shaharlarda tilanchilar ko‘payib ketgan – Senat

Senat qo‘mitasi aholi harakati gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari va chorrahalarda tilanchilar ko‘payganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 7 mar — Sputnik. 4-mart kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va havfsizlik masalalari qo‘mitasi 3-fevral kuni IIVga yuborilgan murojaat javobini ko‘rib chiqdi. Unda respublikaning barcha hududlarida, xususan, Toshkent shahrida tilanchilik qiluvchi shaxslar soni ko‘payib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish so‘ralgan edi.
Senatorlar so‘nggi paytlarda aholi harakati gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda chorrahalarda tilanchilik qilib kelayotgan shaxslar ko‘plab uchrayotganini ta’kidlashdi.
“Bu esa, o‘z navbatida, tilanchi shaxslar tomonidan fuqarolarning yurishiga qo‘ymay, avtomobil yo‘llarida esa transport vositalari harakatlanishiga xavf tug‘dirib qat’iy turib sadaqa so‘rashi kishining ta’bini xira qilishi tabiiy. Bunday noxush holatlar aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etib, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, - deyilgan xabarda.
Mamlakat qonunchiligida aynan tilanchilik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu normaning hayotda qat’iy ishlamayotgani bunday shaxslarning kundan kun ko‘payib borishiga zamin bo‘lmoqda, deb hisoblashadi senatorlar.
“Tilanchilar makoni”: poytaxtdagi jamoat joylaridagi tilanchilar hayotiga nazar
IIV patrul-post, yo‘l patrul xizmati hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari ko‘rsatilgan joylarda tegishli topshiriqlar asosida chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini ma’lum qilgan.
Natijada yanvar va fevral oyining 20 kunlik davrida tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 131 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 8 mln. so‘mga yaqin jarima jazosi belgilangan. 1 nafar huquqbuzarga nisbatan esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.