TOShKENT, 3 mar - Sputnik. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi "Ayollar daftari"ga kirgan xotin-qizlar uchun bepul sayohatlar tashkil etmoqda. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova xabar qildi.
Xususan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan respublikaning turli hududlarida yashovchi, "Ayollar daftari"ga kirgan ayollar uchun Xorazm viloyatidagi tarixiy obidalar bo‘ylab bepul sayohatlar tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi mutasaddiligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda tegishli mas’ul tashkilotlar rahbarlari tarkibida "Ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi" faoliyati yo‘lga qo‘yilib, "Ayollar daftari"ni shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda respublikaning barcha hududlarida mazkur daftarga kiritilgan ijtimoiy, huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz xotin-qizlar muammolarini hal etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, "Ayollar daftari"ga 30 yoshdan oshgan 9 toifadagi, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ishsiz, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, qaramog‘ida bir va undan ortiq I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan farzandlari mavjud yolg‘iz ayollar, shuningdek, tibbiy himoya, huquqiy yordam va psixologik maslahatga muhtoj ehtiyojmand ayollar aniqlanib, ularga joyida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Respublika darajasida hal etiladigan muammolar bo‘yicha esa "Yo‘l xaritalari" tuzilib, ko‘plab masalalarga yechim topilmoqda.