TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Samarqand viloyati Jomboy tumanida ko‘ngilxushlik qilish uchun chaqirilgan 2 nafar qiz mezbon o‘smirning uxlab qolganidan foydalanib o‘g‘rilik sodir etdi. Bu haqda “Zo‘r TV” telekanalining “Bu kun” dasturida ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, ota-onasi yo‘qligidan foydalangan o‘g‘il 2020-yil 16-oktabr kuni kechasi 2 nafar qiz bilan “romantik oqshom” o‘tkazish maqsadida ularni yashash uyiga olib kelgan.
O‘smir uxlab qolganidan foydalangan qizlar uydagi 15 million so‘mlik tilla taqinchoqlar, 1300 dollar miqdoridagi pullarni o‘marib, juftakni rostlashgan.
Hodisadan bexabar ona tuman IIBga o‘g‘rilik sodir bo‘lgani to‘g‘risida ariza yozib murojaat qilgan.
“Sayoq yursang, tayoq yeysan degani rost ekan. Men bir romantik oqshom qilmoqchi edim. Burnimdan chiqdi. Tengqurlarimga tinchgina yurishlarini maslahat beraman. Oqshomni yaxshi o‘tkazaman deb el-yurt oldida sharmanda bo‘ldim”, — deydi romantik kecha “tashkilotchisi”
Qizlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.