TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Rossiya maxsus komissiyasiga muntazam parvozlarni qayta tiklashni taklif qilib, murojaat yo‘lladi. Bu haqda transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “O‘zbekiston Respublikasining transport diplomatiyasi: mintaqaviy hamkorlikning xalqaro-huquqiy asoslari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati davomida ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Rossiya hukumati talab qiladigan talablarni o‘rganib chiqqan: kasallanish darajasi, aholi boshiga kasallanish holatlari va kasallanish sur’ati.
“Mamlakatimiz Rossiya maxsus komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan barcha mezonlarga mos keladi. Muntazam parvozlarni qayta tiklash uchun to‘liq asosimiz bor. Hozircha rossiyalik hamkasblarimizning javobini kutapmiz”, - dedi Choriyev.
Transport vaziri o‘rinbosari ikki mamlakat o‘rtasida muntazam parvozlarning tiklanish muddati borasida ham fikr bildirdi.
“O‘ylaymanki, mart-aprel oyida biror bir ijobiy javob bo‘ladi. Chunki biz O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni taqdim etganimizga qaramay hozircha javob olmadik", - deya fikr bildirdi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Rossiya chegaralarini boshqa mamlakatlar bilan koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishiga qarab bosqichma-bosqich ochishini ma’lum qilgani xabar qilgan edi.