Rossiyalik mutaxassislar Sardoba suv omborini tiklashda yordam beradi

Suv omborini tiklash ishlari yuzasidan “Gidroloyiha” AJ loyihachilari moskvalik mutaxassislar bilan kelishilgan holda loyiha ishlab chiqishgan.
Sputnik
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Sardoba suv omborini qayta tiklash loyihasiga Moskva davlat qurilish universtiteti mutaxassislarini jalb qildi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Sardoba suv omborini qayta tiklash bo‘yicha juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda, xususan, laboratoriya tahlillari olinib, ilmiy-texnik asoslash maqsadida izlanishlar davom etapti.
Sardoba suv ombori qayta quriladi - OAV
Obyektning amaldagi holati dastlabki loyiha yechimlariga qanchalik muvofiqligi ham tekshirilmoqda. Bu o‘rganishlar ertaga shunday noxush holat yana takrorlanmasligi va shu kabi falokatlarning oldini olish uchun qilinmoqda.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda suv omborida 230 mln m3 suv to‘plangan. U tez orada 350 mln m3 ga yetkaziladi va shu bilan o‘tgan yilgi to‘plangan suv hajmiga yetadi.
“Jumladan, suv omborining holati hamda yuzaga kelgan texnogen ofatning sabablarini o‘rganish yuzasidan, uning kelib chiqish holatlari qayta takrorlanishining oldini olish maqsadida xorijiy mutaxassislar (Moskva davlat Qurilish universtiteti) jalb qilinib, texnik yechimlar to‘liq o‘rganib chiqilmoqda”, - deyilgan Qurilish vazirligi xabarida.
Muhandislik-qidiruv ishlari bo‘yicha esa “O‘zGAShKLITI” DUK tashkiloti tomonidan Rossiyaning mutaxassislari bilan birga o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Yuqoridagi tiklash ishlari yuzasidan “Gidroloyiha” AJ loyihachilari moskvalik mutaxassislar bilan kelishilgan holda loyiha ishlab chiqishgan. Bu loyiha yuzasidan davlat ekspertizasi tomonidan 12-fevral 2021-yil 4-E-sonli ekspert xulosasi berilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan edi. Hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan. Shuningdek, 4 nafar fuqaro tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgan, 1 nafari bedarak yo‘qolgan edi.