TOShKENT, 1 mar — Sputnik. “Coliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish hamda budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Loyihada Davlat soliq qo‘mitasi va tijorat banklari o‘rtasida soliq to‘lovchilarning to‘lov topshiriqnomalari bo‘yicha onlayn axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
- soliq to‘lovchining mol-mulklarini axborot tizimlari orqali aniqlash va ularga elektron taqiq qo‘yish tizimi joriy qilish, ularning mol-mulkini xatlash hamda xatlovni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarni (mol-mulkni tashish, saqlash va h.k.) qoplash manbaini belgilash;
- soliq to‘lovchining boshqa shaxslarga o‘tkazilgan tushumlari va daromadlarini aniqlash mezonlarini hamda soliq qarzini ushbu shaxslardan undirish tartibini belgilash;
- soliqlarni to‘lash muddatini kechiktirish bo‘yicha murojaat qilgan shaxslarning moliyaviy holatini tahlil qilish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.
Hujjatga quyidagilar ilova qilingan:
“Yuridik shaxslarning bajarilmagan soliq majburiyatlari bo‘yicha ularning mol-mulkini xatlash va taqiq qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizom;
“Tadbirkorlik subyektlarining soliqlar va yig‘imlardan qarzdorliklarini boshqa shaxslarga o‘tkazilgan pul mablag‘lari yoki mol-mulklari hisobidan undirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom;
“Soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirishda manfaatdor shaxslarning moliyaviy holatini tahlil qilish tartibi to‘g‘risidagi” nizom.