TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi uydan besh nafar talabaning jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xabarda yozilishicha, joriy yil 27-fevral kuni soat 20:50 larda tumandagi Firdavsiy MFY, Injobod ko‘chasi, 61-uyda ijarada yashab kelgan Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti 2-bosqich talabalari M.U., R.S., D.G‘. va Singapur universiteti 2-bosqich talabasi O.I. hamda “Inxa” universiteti 1-bosqich talabasi S.X.lar murdasi noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish alomatlari bilan topilgan.
Ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zida Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud tibbiyot ekspertizasining 27-fevral kungi dastlabki xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchilarning o‘limi noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish natijasida yuz bergan.
Mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.