Maxsus komissiya xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazishga ruxsat berdi

O‘zbekistonda barcha bosqichlarida epidemiologik tartiblarga rioya etilishi talabi bilan xalqaro ko‘rgazmalar o‘tkazishga ruxsat berildi.
Sputnik
TOShKENT, 26 fev - Sputnik. Respublika maxsus komissiyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, 20-fevraldan boshlab O‘zbekiston hududida xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazishga ruxsat berdi.
Xalqaro ko‘rgazmalar sanitariya-epidemiologiya meyorlari va qoidalari talablariga qat’iy muvofiq qilgan ravishda o‘tkazilishi mumkin. Talablar quyidagicha:
  • tashkilotchi Respublika hududida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda tashkil etilayotgan tadbirlarning barcha bosqichlarida epidemiologik tartiblarga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlashi shart;
  • barcha tadbir ishtirokchilaridan himoya niqobi yoki respirator taqishlari talab qilinadi;
  • tadbirga kirishda barcha ishtirokchilar pirometrlar yordamida haroratni o‘lchash jarayonidan o‘tishi talab etiladi, yuqori harorat yoki yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan shaxslarga tadbirda qatnashishga ruxsat berilmaydi;
  • ekspozitsiyalar orasidagi masofa kengligi kamida 3 metr bo‘lishi kerak;
  • tadbir o‘tkazish joylarida shamollatish tizimlari kirayotgan havoning chiqayotganidan ustunligini ta’minlashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yilning 23-martdagi "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq Respublikada barcha turdagi ommaviy tadbirlar to‘xtatilgan edi.