TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Uch kunda Toshkent xalqaro aeroportidan 670 nafar o‘zbekistonlik ishlash uchun Rossiyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiyaning ko‘plab ish beruvchi korxonalari vakillari mamlakatning turli hududlarida bo‘lib, fuqarolar bilan suhbat o‘tkazmoqda.
Suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolardan 203 nafari 22-fevralda, 246 nafari 23-fevralda, 221 nafari 24-fevralda Rossiyaning “PIK Industriya” AJ, “StroyKraft”, “Texstroy” va “SpesGrad” MChJlarda ishlash uchun Toshkent xalqaro aeroporti orqali uchib ketgan.
Shuningdek, 25-fevral kuni yana 200 nafardan ortiq fuqarolarni “PIK Industriya” AJda ishlash uchun tashkillashtirilgan holda jo‘natish rejalashtirilgan.
Rossiyada ishlash uchun ketayotgan fuqarolarga aeroportda tegishli tushuntirishlar berilib, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan materiallar tarqatilgan.
Ular belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda turli obyektlarda ish boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi pandemiya sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni turli xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rmoqda. Natijada rossiyalik ish beruvchilar va mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda ko‘plab fuqarolar Rossiyaga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilmoqda.