Taxiatosh IES ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi to‘liq quvvat bilan ishga tushdi

Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida har birining quvvati 280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi to‘liq quvvat bilan ishga tushdi.
Sputnik
TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi to‘liq quvvat bilan ishga tushdi. Har birining quvvati 280 MVt. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ushbu investitsion loyiha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-sentabrdagi  tegishli qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Elektr energetika sohasidagi standartlar qayta ko‘rib chiqilmoqda
Stansiyadagi  quvvati 280 MVt bo‘lgan birinchi bug‘-gaz qurilmasi 2020-yilning dekabr oyida to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgan edi.
Loyihaning joriy etilishi bilan stansiyaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatgichlari oshadi. Natijada, 1 kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan shartli yoqilg‘i miqdori 164,3 gr/kVt soatga kamayadi, bu esa bir yilda 488,6 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga olib keladi.
Zamonaviy va energosamarador texnologiyalarning ishga tushurilishi Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiatni muhofaza etishda ham muhim ahamiyatga ega. Birgina suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojning o‘zi yiliga 452 million kub metrdan 159 million kub metrga kamayadi.