Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilindi: ularning ahvoli og‘irligicha qolmoqda

Bemorning vafoti haqida yaqinlariga ma’lum qilinganda uning farzandlari xizmat vazifasini bajarayotgan 32 va 21 yoshli shifokorlarni ayovsiz do‘pposlashgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Toshkentda ikki nafar tibbiyot xodimiga marhumning yaqinlari tan jarohati yetkazdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra,19 fevral tungi soat 23:13 da tez tibbiy yordam Sall-markaziga poytaxtning Yashnobod tumanidagi xonadonlarning biridan chaqiriq tushgan.
Tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv joyiga soat 23:25 da, ya’ni 12 minutda  yetib borib, xonadondagi bemor  tezkor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. 23:40 da bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun zudlik bilan poytaxtdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan.
Andijonda shifokorga pichoq bilan qilingan tajovuz tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Muassasa bosh shifokori B. Mamadjonovning ma’lum qilishicha, shifoxonada 52 yoshli bemor D. N.ga "Gipertoniya kasalligi. Gipertonik kriz. O‘pka shishi va agonal holat” tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
U paytda bemorning holati og‘ir bo‘lib, ko‘z qorachig‘i kengaygan, fotoreaksiya aniqlanmagan, nafas aktivligi kuzatilmagan holatda bo‘lgan, uyqu arteriyasida ham pulsni aniqlab bo‘lmagan va shu tariqa bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, standartlar bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor muolajalarga  qaramasdan, bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.
Bemorning vafoti haqida yaqinlariga ma’lum qilinganda uning farzandlari xizmat vazifasini bajarayotgan  shifokorlarga nisbatan sababsiz  jismoniy tazyiq o‘tkazgan.
Buning oqibatida shahar tez tibbiy yordam xizmatining  shifokori, 32 yoshli D. U. “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, travmatik shok 1,2-daraja” tashxisi bilan, yana bir tez tibbiy yordam xizmat  xodimi, 21 yoshli A. A. “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining yopiq sinishi. Ko‘krak qafasi sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi bilan mazkur shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Yarim tunda o‘z kasbiy faoliyatini bajarish paytida tajovuzga  uchragan tibbiyot xodimlari uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan neyroxirurg shifokorlar taklif qilingan va ularga dastlabki qo‘yilgan tashxis  to‘liq tasdiqlangan.
Ularning ahvoli og‘irligicha qolayotganligi va ularga maxsus jarrohlik amaliyotiga tibbiy ko‘rsatma borligi sababli Respublika shoshilinch  tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.
“Ayni holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘lladi. Unda yuqorida qayd etilgan holatni qat’iy nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘raldi”, - deyilgan xabarda.