TOShKENT, 20 fev - Sputnik. Samarqand viloyatida aholini emlash uchun 352 ta, shuningdek, ko‘chaga chiqish imkoni bo‘lmaganlar uchun 99 ta ko‘chma brigadalar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari X.Boymurodovga tayangan holda.
Eslatib o‘tamiz, sal avval Samarqand viloyati Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi rahbari Adham Bahronov Sputnik muxbiriga viloyatda fevral oyining birinchi yarmidan boshlab 15 ming kishi koronavirusga qarshi emlanishi haqida ma’lum qilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, vaksinatsiya ishlari hali boshlanmagan.
"Vaksina keltirilishi bilanoq avvalo 65 yoshdan oshgan fuqarolar, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim xodimlarini emlashni boshlaymiz. Emlash davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman", - deb aytgan Boymurodov.
Dastlabki bosqichda Xitoy vaksinasidan foydalanilishi ko‘zda tutilgan.