O‘zbekistonda 2030-yilgacha aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi

Farmoyishda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari kambag‘allikni kamaytirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda ayollar, erkaklar, shu jumladan yoshlar va nogironlarni to‘liq, foydali va munosib ish bilan ta’minlashga yordam beradi.
Sputnik
TOShKENT, 18 fev - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti "2021–2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoyishini imzoladi, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.
Davlat budjeti 2021: qaysi sohalar ijtimoiy xarajatlari oshirildi
Mazkur Konsepsiya doirasida:
aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasi ishlab chiqiladi va unda ijtimoiy himoya sohasida ijtimoiy yordam va xizmatlarning bazaviy kafolatlari belgilanadi, ilg‘or amaliyotlarda qabul qilingani kabi onalikni himoya qilish va vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalarini ijtimoiy sug‘urta tizimiga kiritish hamda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish masalasi o‘rganiladi;
barcha kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olish maqsadida ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun ariza beruvchilarning muhtojlik darajasini aniqlash jarayonlarini soddalashtirish hamda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash jarayonlarini tezlashtirishga e’tibor qaratiladi;
davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash uchun berilayotgan subsidiyalar samaradorligini oshirish maqsadida ijtimoiy kontrakt tizimini joriy etish ko‘zda tutiladi. Davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning samaradorligini oshirish maqsadida ijtimoiy xizmatlarni individual ijtimoiy moslashuv dasturlari orqali taqdim etish tizimi ishlab chiqiladi.
O‘zbekistonda Yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi
Mazkur Farmoyishga ko‘ra, joriy yilning 1-noyabriga qadar vazirliklar va idoralari, ilmiy muassasalari, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Jahon bankining yetakchi mutaxassislaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan 2030-yilgacha aholini ijtimoiy himoya Milliy strategiyasi loyihasi hamda uni amalga oshirishning uch yillik rejasi ishlab chiqiladi. Strategiyada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar ushbu xalqaro hamkorlar bilan birgalikda hisoblab chiqiladi.
Farmoyishda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari kambag‘allikni kamaytirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda ayollar, erkaklar, shu jumladan yoshlar va nogironlarni to‘liq, foydali va munosib ish bilan ta’minlashga yordam beradi.