TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Samarqand viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Urgut tumanida joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti talabalar uchun ochildi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, pandemiya sababli shu kunga qadar talabalar Tojikistonga faqatgina “Sariosiyo”, “Oybek” va “Plotina” chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishi mumkin edi.
"Masofaning uzoqligi samarqandlik talabalarga qiyinchilik tug‘dirayotgan edi. Shu yil 17-fevral kunidan talabalarga Urgut tumanida Tojikiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti orqali harakatlanishlariga ruxsat berildi”, - deyilgan xabarda.
“Jartepa” chegara bojxona posti orqali hozircha faqat Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishlari, shuningdek, xalqaro yuk tashuvchilarning yuk avtotransport vositalari hamda talabalar harakatlanishi belgilangan.