“Bo‘laklanib ko‘milgan jasad”: Toshkentda mudhish jinoyatga qo‘l urganlar uzoq muddatga qamaldi

Toshkentda tadbirkorni qo‘llari va oyoqlarini tanasidan ajratib, bo‘laklarga bo‘lib chuqurga ko‘mib yuborgan qotil va uning jinoiy sheriklari uzoq muddatga qamaldi. Sheriklardan biri “Zulfiya” mukofoti sohibasi.
Sputnik
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 31 yoshli tadbirkorni o‘ldirib, uning jasadini bo‘laklarga ajratib, ko‘mib yuborgan shaxs va uning jinoiy sheriklariga sud hukm o‘qildi. “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida mudhish jinoyat tafsilotlari ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, 2020-yilning 8-may kuni Uchtepa tuman IIBga fuqaro Nigora Payzibekova murojaat qilib, 1989-yilda tug‘ilgan o‘g‘li Ravshan Rahmatullayev 7-may kuni soat 10:00 da o‘z ishlari bilan “Lacetti”mashinasida uydan chiqib ketgani va shundan keyin qaytib kelmaganini bildirgan.
Ravshan Yunusobod tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan Jamoliddin Orifboyev bilan tanish bo‘lgan. Jamoliddin 2020-yil yanvar oyida Ravshandan keyinchalik sotib olish sharti bilan “Spark”ni ijaraga olgan. Biroq Jamoliddin pullarni o‘z vaqtida to‘lamagani sababli Ravshan u bilan og‘zaki tortishib qolgan va achchiq ustida avtomobilni qaytarib olgan. Ravshan boshlang‘ich to‘lov sifatida berilgan 2000 dollarning 1000 dollarini mashinasi yukxonasidan olib bergan. Jamoliddin mashina yukxonasida katta miqdorda pul borligini ko‘rib qolgan.
Samarqandda bir oilaning 5 nafar a’zosini vahshiylarcha o‘ldirganlarga hukm chiqarildi
Ilgari o‘g‘rilik va bosqinchilik jinoyatlari uchun sudlangan Jamoliddin Ravshanning pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishga ahd qilgan. Bunga Mirmaqsud Mahkamov va Sevara Abdulhakimovani ham jalb qilgan.
Jamoliddin telegram orqali o‘zini ayol kishi sifatida tanishtirib, Ravshan bilan muloqotga kirishgan. Ravshan tanishgan “Imona” ismli qiz bilan 2020-yilning 7-may kuni uchrashishga kelishgan. O‘z vaqtida karate bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Sevara Abdulhakimova uchrashuvga chiqib, o‘zini Imonaning singlisi sifatida tanishtirib, opasining oldiga olib borishini aytadi va Ravshanni Jamoliddinning Yunusoboddagi uyiga olib borgan.
Uni uyda taxta bilan qurollangan, yuziga niqob taqib olgan Jamoliddin va Mirmaqsud poylab turadi. Kelishi bilan Ravshanni urib-tepib, uni stulga bog‘lab qo‘yadi. Bosqinchilar jabrlanuvchining yonidan 400 dollar va 1 million so‘m pulini olishadi. Undan yana pul talab qilishadi. Shunda Ravshan telegram orqali ota-onasiga xabar yuborib, mashina olish uchun 29 ming dollar kerakligini, uni biznes hamkori Muzaffar Sagatov orqali berib yuborishlarini so‘raydi.
Surxondaryoda o‘gay o‘g‘lini o‘ldirib, hojatxona chuquriga ko‘mib yuborgan shaxs qo‘lga olindi
Jinoyatchilarning tahdidi ostida bu gaplarni otasiga telefon qilganda ham takrorlaydi. Muzaffar Sagatov Ravshanning telefonda bergan ko‘rsatmasi asosida Yunusobod tumani Markaz-5 mavzesida o‘zini “Aziz” deb tanishtirgan Jamoliddin bilan ko‘rishib, unga 29 ming dollarni berib yuborgan.
Jamoliddin oyoq-qo‘llari bog‘langan Ravshanni mashina yukxonasiga joylashtirib, Yashnobod tumanida ijaraga olgan xonadoniga olib borgan. Bu yerda ham Ravshandan yana pul talab qila boshlagan. Ravshandan rad javobini olgach, uning yuz va bosh qismiga urib, bo‘ynidan bo‘g‘ib qasddan o‘ldirgan. Jamoliddin jinoyatini yashirish maqsadida Qo‘yliq dehqon bozoridan yollanma ishchilar olib kelib, hojatxona uchun deb chuqur qazdirgan. So‘ngra Ravshanning boshi, qo‘llari va oyoqlarini tanasidan ajratib, bo‘laklarga bo‘lib chuqurga ko‘mib yuborgan.
Sirdaryolik tadbirkor o‘z raqibini yo‘q qilish uchun killer yolladi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmiga ko‘ra, Jamoliddin Orifboyev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v”, “i” bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; tamagirlik niyatida qasddan o‘ldirish), 134-moddasi (qabrni tahqirlash), 164-moddasi 4-qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik), 169-moddasi 3-qismi “a” (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 25-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mirmaqsud Mahkamov Jinoyat kodeksining 164-modda 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.  Endi 15-yilni panjara ortida o‘tkazadi.
Sevara Abdulhakimova Jinoyat kodeksining 164-modda 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 13-yil qamoq jazosi tayinlangan. U 2014-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.