TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Namangan viloyatida fuqarolarni Rossiyaga qalbaki hujjatlar orqali yubormoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Sputnik” nashriga ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, N.X. va A.A.lar pandemiya davrida Rossiyaga kirish taqiqlanganligidan foydalanib, u yerga ketish istagida bo‘lgan ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirgan.
Ularga davolanish uchun soxta taklifnoma asosida Rossiyaga chiqarib yuborishni va’da qilishgan. Firibgarlar 1000 dollar va 5,2 mln so‘mni olib, qalbaki hujjatlarni bergan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston JKning 168 (Firibgarlik) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozir tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, TIV Konsullik-huquqiy departamenti xorijiy mamlakatlarga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan begona shaxslarning qalbaki tibbiy ma’lumotnoma va boshqa hujjatlarni tayyorlab berishda "yordamlashish" borasidagi takliflariga ishonmaslikni so‘ragan edi.