TOShKENT, 14 fev — Sputnik. Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar-joylar o‘rtasida barcha qurilishlar to‘xtatiladi. Bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov shahardagi Do‘stlik hamda Gulzor mahallalarida aholi yashash sharoitlarini o‘rganish davomida tegishli topshiriqlar berdi.
Hududda yashovchi aholi viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida yangi qurilayotgan binolar sababli mahallada aholi yashashi uchun noqulayliklar tug‘dirayotganini, bolalar uchun ochiq havoda o‘ynashga, kattalar va keksalar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmaganini bildirishdi.
Viloyat hokimi birgalikda o‘rganish olib borayotgan shahar hokimi va prokuroriga bugundan e’tiboran Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar-joylar o‘rtasida olib borilayotgan barcha qurilishlarni to‘xtatish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq berdi.
Poydevor uchun qazilgan kotlovanlar barchasi ko‘mib tashlanadi, qurilishi yakunlashish bosqichida bo‘lgan inshootlarning har birining qonuniyligi bo‘yicha shahar prokuraturasi o‘rganish olib boradi.
Shuningdek, barcha hududlarda buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, qurilish egalari kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan manzarali daraxt ekishi ta’minlanadi. To‘xtatilgan qurilishlar o‘rniga tadbirkorlarga bino qurish uchun boshqa joydan yer maydoni taklif etiladi.
Xayrullo Bozorov o‘rganish jarayonida hududdagi turar-joylar atrofida obodonlashtirish ishlarining umuman yo‘lga qo‘yilmagani, binolarga birikkan holda vaqtinchalik qo‘shimcha inshootlar qurib tashlanganini tanqid qildi. Atrofda sochilib yotgan chiqindilar ham hokimning e’tiboridan chetda qolmadi.
Bozorov shahar mahallalarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha alohida manzilli dastur ishlab chiqish yuzasidan shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayevga topshiriq berdi.
Bundan tashqari, Moturidiy ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi katta ariq ustida insho etilgan obyektlar olib tashlash, suv qirg‘og‘i bo‘ylab velosiped minish hamda sayr qilish uchun ekoyo‘lak tashkil etiladigan bo‘ldi.