TOShKENT, 14 fev — Sputnik. O‘tkir Jumayev Buxoro shahar hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida Buxoro viloyat hokimining 2021-yil 12-fevraldagi tegishli qaroriga asosan Buxoro shahar hokimi lavozimiga O‘tkir Hikmatovich Jumayevni tasdiqlash masalasi ovozga qo‘yildi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqladi.
O‘tkir Jumayev 1975-yilda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1997-yil Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini, 2011-yil O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan.
Jumayev mehnat faoliyatini 1997-yilda «Buxorosuvqurilish” aksionerlik jamiyatining 37-son ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonnasi ishlab chiqarish bo‘limi muhandisligidan boshlagan.
2009-2010 yillarda «Buxoroavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish davlat korxonasi direktori, 2011-2012 yillarda «Buxoroavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish davlat tashkiloti direktori, 2012-2015 yillarda «KNAUF GIPS BUXORO” MChJ shaklidagi xorijiy korxona o‘quv markazi boshlig‘i, 2015-2019 yillarda «KNAUF GIPS BUXORO” MChJ shaklidagi xorijiy korxona direktorining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.
U 2020-yil mart oyida Buxoro shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.