TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga 7-fevral kuni tumanning “Mingtepa” mahallasida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan I.E. tez tibbiy yordam mashinasida olib kelindi. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unga botulizm tashxisi qo‘yildi.
Tibbiy surishtiruv davomida bemor qishloqdoshi A.T. xonadonida bir kun oldin besh nafar kishi bilan palov va uy sharoitida tayyorlangan konserva (marinovka) iste’mol qilganligi aniqlanadi.
Tezkor tadbir davomida tez tibbiy yordam mashinasida A.T., uning turmush o‘rtog‘i G.T., o‘g‘li Sh.T va qo‘shnisi B.B.lar shifoxonaga olib kelindi.
Intensiv davo muolajalari hamda botulizmga qarshi zardob berilishiga qaramasdan I.E.ning ahvoli og‘irlashib, 8-fevral kuni tungi soat 03:30 da olamdan o‘tdi.
Konservadan zaharlangan to‘rt bemor reanimatsiya postida statsionar sharoitda davolanmoqda.
Bemor Sh.T. ahvoli og‘irligicha qolmoqda. U sun’iy nafas olish apparati yordamida muolaja olmoqda.
A.T., G.T. va B.B.larning umumiy ahvoli o‘rta og‘ir.