TOShKENT, 11 fev — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolari uchun ichki sayohatlar 40 foizgacha arzonlashtiriladi. Prezidentning “O‘zbekistonda ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ichki turizmni rag‘batlantiruvchi choralar belgilangan, deya xabar qilmoqda urizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlar uchun chiptalar O‘zbekiston fuqarolariga 25 foiz arzon sotiladi, agar ushbu chipta turoperator orqali xarid qilinsa, ushbu chegirma miqdoriga 15 foiz qo‘shilib, umumiy 40 foizlik chegirma taqdim etiladi.
Shu bilan birga, turoperator orqali xarid qilingan mehmonxona xizmatlari ham 10 foizga arzonlashtirilgan narxda sotiladi.
Bundan tashqari, xizmatlarni kompleks ko‘rsatuvchi turoperatorlar korporativ narxlarda boshqa xizmatlarni ham arzonlashtirib berishi ko‘zda tutiladi.
2020 yil 3-fevraldan yo‘lga qo‘yilgan Urganch—Farg‘ona—Urganch aviareysi eng arzon narxi — 920 ming so‘m. Mahalliy sayyoh ushbu chiptani bevosita aviakassadan sotib olganda chipta narxi 25 foizga arzonlashib, 690 ming so‘mni tashkil qiladi. Turoperator orqali xarid qilganda esa yana 15 foiz chegirma taqdim qilinib, chipta narxi 587 ming so‘mni tashkil qiladi — 333 ming so‘m chegirma taqdim qilinmoqda.
Xuddi shu kabi turoperatorlarga yo‘lga qo‘yilayotgan temir yo‘l qatnovlaridagi chiptalarga ham 15 foizlik chegirma taqdim etiladi. Bunda Termiz—Samarqand yo‘nalishidagi 108 ming so‘m turadigan chipta narxi 92 ming so‘mni tashkil qiladi.
O‘z navbatida, fuqaro turoperator orqali mehmonxonani bron qilsa, shartli ravishda “O‘zbekiston” mehmonxonasidagi bir kishilik standart xona narxi 270 ming so‘mni tashkil qilsa, bu fuqaro uchun turoperatorga taqdim qilingan korporativ narxlar asosida 200 ming so‘mni tashkil qiladi. Yuqoridagi 10 foiz chegirma hisobiga esa mehmonxona narxi 180 ming so‘mga aylanadi. Yakunda tashkil qilingan mexanizmga ko‘ra, 270 ming so‘m turuvchi mehmonxona 90 ming so‘mga arzonlashmoqda.
Masalan, ushbu xizmat Farg‘ona shahridagi “Ziyorat” mehmonxonasida 180 ming so‘mga taqdim etiladi, turoperatorlar korporativ narxlarda 150 ming so‘mdan olishib, 10 foizlik chegirma hisobiga mahalliy sayyohga 135 ming so‘mga taqdim qiladi. Bunda turistik yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,4 foizini tashkil etib, 980 so‘mni tashkil qiladi.
O‘z navbatida, turistik yig‘imdan tushgan mablag‘lar to‘lig‘icha ichki sayohatlarni rag‘batlantiruvchi dasturlarga yo‘naltiriladi. Qonunchilikka ko‘ra, mehmonxona yig‘imlari soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.