TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 2021-yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar bajarmagan davlat organlari rahbarlarini ishdan olish bilan ogohlantirdi. Bu haqda prezident “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Asosiy maqsadimiz, mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish orqali xalq farovonligini ta’minlashdan iborat”, - dedi prezident.
Mirziyoyev Farg‘onaga viloyatiga tashrif davomida viloyatning o‘sish nuqtalari belgilangani, lekin shu bilan birga juda katta muammolar borligini ta’kidladi.
“Mana bitta tayyorgarlik ko‘rmagan joyga borgan edik, qancha-qancha nuqsonlar, muammolar. Bu shaharning hokimi nima bilan shug‘ullanadi, shuncha selektorlarda aytgan (gaplar - tahr.) nimaga ketapti. Qani sektor rahbarlarining ishi degan savol hammamizni qiynashi kerak”, -dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari Farg‘ona shahrining to‘rtta sektor rahbarini ishdan olib tashlaganining sababi ular hozirgi siyosatni tushunmasliklari va unga xayrixoh emasliklarini aytdi.
"Qaror chiqdi, hammasini bajarsa bo‘ladi, lekin bizda eng katta kamchilik nazorat tizimi yo‘q. Viloyat, shahar hokimlari o‘zini qiynamaydi.... martdan har oyda 10-20 foiz bandni bajarmaganda, hammani ishdan olib tashlayveramiz", - dedi prezident
Mirziyoyev bu davlat organlarining barcha darajadagi rahbarlariga taalluqli ekanini urg‘uladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar qog‘ozbozlikdan charchagan. Bank rahbarlari mudrab o‘tiribdi, vazirlar o‘zlarining vertikal tizimida ishlarni tashkil qila olmayapti.
“Rahbar ko‘p, mas’ullar ko‘p, lekin odamlarning dardi bilan shug‘ullanadigan odam yo‘q desak bu ham to‘g‘ri bo‘ladi”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident Davlat dastur loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, 2 mingdan ziyod takliflar, fikr-mulohazalar olingani, ular asosida qayta ishlanib, yanada boyitilganini eslatdi.
Ushbu takomillashgan Davlat dasturi prezidentning joriy yil 3-fevraldagi farmoniga muvofiq qabul qilindi. Unda 273 ta band bor. Bu chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb 30 trillion so‘m, 2 milliard 600 million dollar va 57 million yevrodan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.