TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Danara Kurmanova. Rossiya olim ta’lim muassasalari har yili xorijlik abituriyentlar o‘rtasida Rossiya hukumati kvotasi bilan bepul o‘qishga tanlov o‘tkazadi. Ammo bu gal qabul kampaniyasi jiddiy o‘zgardi: ilk marotaba Rossiyada ta’lim olish istagida bo‘lgan xorijliklar maxsus superservisda ro‘yxatdan o‘tib, barcha jarayondan onlayn o‘tishlari mumkin.
Qabul kampaniyasi 20-yanvar kuni boshlandi va 20-fevral kuni yakunlanadi. Rossotrudnichestvo turli davlat abituriyentlaridan juda ko‘p arizalar kelib tushganini qayd etdi. Superservis nima va MDH talabalari uchun o‘qishga kirishni qanday yengillashtiradi? “Sputnik” bularni o‘rgandi.
Superservisning afzalligi nimada
Superservis – bu chet ellik abituriyentlar Rossiyaning istalgan OTMga ariza topshirishlari mumkin bo‘lgan onlayn platforma. Rossotrudnichestvo agentligi rahbari o‘rinbosari Pavel Shevsovning “Sputnik” nashriga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, ushbu mexanizm yagona darcha tamoyili asosida ishlaydi.
“Bu chet ellik fuqarolarni qabul qilishning soddalashtirilgan tizimidir. Bu yil tajriba tariqasida ish boshladi, yil oxiriga kelib esa to‘liq yo‘lga qo‘yiladi”, - deydi u.
Hozir dasturda ishtirok etish uchun barcha hujjatlarni uydan chiqmasdan topshirish mumkin. Saytda ro‘yxatdan o‘tilsa bas. Buning hammasi superservis sharofati bilan. Qolaversa, tez orada servis Rossiyaning barcha shaharlari va ularning infratuzilmalari haqida to‘liq ma’lumot taqdim etishni boshlaydi. Shuningdek, servisda mutaxassisligi bo‘yicha xorijliklar uchun ish haqida e’lonlar beriladi. Pul ishlamoqchi bo‘lgan talabalar ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Hozirda superservisdan rus va ingliz tillaridan foydalanish mumkin. Biroq boshqa tillarni ham qo‘shish rejalarda bor. Bundan chet ellik talabalarning Rossiyada ta’lim olish, OTMlar, yashash sharoiti to‘g‘risidagi zaruriy ma’lumotlarni o‘z ona tillarida olish imkoniyatini yaratish ko‘zlangan.
Xarajatlarni qisqartirib, muammolarni hal qilamiz
Ko‘plab chet ellik talabalar duch keladigan asosiy muammo bu migratsiya siyosatining nozlikligida. Axir har bir mamlakatda o‘zining qoidalari amal qiladi: kimgadir viza kerak, kimgadir esa migratsiya ro‘yxatidan o‘tish kifoya, lekin buni qat’iy belgilangan vaqt oralig‘ida qilish o‘ta muhimdir. Bu masalalarga oid maslahatlarni superservisda ham olish mumkin bo‘ladi.
Onlayn platformaning ishga tushirilishi avvallari iqtidorli yoshlar qarshilashgan ko‘plab to‘siqlarni qisqartiradi, deya ma’lum qildi Rossotrudnichestvo matbuot xizmati. Ilgari Rossiya oliygohiga tanlovdan o‘tish uchun kamida besh marta tanlovning oraliq bosqichlariga kelish kerak edi. Ammo hamma abituriyentlar Rossotrudnichestvo filiallari joylashgan shaharlarda yashamaydi. Kimdir qishloq joyda, kimdir olis shaharda. Bu filialga kelish uchun pul sarflash degani. Endilikda ilova o‘rnatib, telefon orqali hujjatlarni topshirish, imtihondan o‘tish va video orqali suhbatdan o‘tish mumkin.
Shu bilan birga barcha bo‘lajak talabalar uchun onlayn shakl qulay bo‘lmasligi mumkin, ayniqsa uyda test topshirish uchun sharoit bo‘lmasa yoki Internet bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa. “Xavotirga o‘rin yo‘q, shaxsan kelib ishtirok etish opsiyasini qoldiramiz, albatta turli variantlarni ishlab chiqamiz”, - deydi Pavel Shevsov. – Tanlovdan o‘tish qulay bo‘lishi muhimdir".
Pandemiyaning ijobiy tomoni
Ikki hafta ichida superservisga 20 mingdan ziyod ariza kelib tushgan. Ularning qariyb 40 foizi sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlaridan.
“MDH mamlakatlarida Rossiya ta’limiga bo‘lgan talab hamisha yuqori bo‘lgan, lekin bu safar butun dunyo bo‘ylab yuzaga kelgan pademiya sharoitida bu o‘sganini ko‘rapmiz, - deydi Pavel Shevsov. – Talabalar Rossiya pandemiyani muvaffaqiyatli yengayotgani (koronavirus bo‘yicha raqamlar bundan dalolat bermoqda), o‘quv jarayonini tashkillashtirayotganiga e’tibor qaratishmoqda. Shu bois Rossiyadagi ta’limga bo‘lgan qiziqish oshdi, ammo aniq bir raqamlarni aytishga hali erta, chunki tanlov hozir ham davom etmoqda”.
© Sputnik
Chet ellik talabalar uchun ommabop yo‘nalish tibbiyot sohasi bo‘lib qolmoqda. Rossotrudnichestvoning “Sputnik” agentligiga taqdim etgan statistikasiga ko‘ra, superservisning eng talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlariga stomatologiya va davolash kirgan.
Aytish joizki, onlayn tanlovning ko‘pchilik ishtirokchilarini Rossiya oliygohlarida tahsil olayotgan yoki olib bo‘lgan va Rossiyada ta’limni davom ettirish istagidagi talabalar tashkil etadi: masalan, arizalar umumiy sonining 13 foizini magistratura dasturlari tashkil etadi. Bu toifadagi tanlov ishtirokchilaridan biri bu Gruziyadan bo‘lgan Daniil Nikulenko. Hozir u RUDNda bakalavrni tamomlamoqda va shu oliygohning magistraturasiga hujjat topshirmoqda.
“Men Rossiyada o‘qishni davom ettirishga qaror qildim, chunki menga ta’lim berish tizimi yoqadi, bu yerda ko‘plab do‘stlarim bor, - deydi u. – Shuning uchun superservisdan ro‘yxatdan o‘tdim va fevral boshida hujjatlarimni topshirdim. Bu qulay: bir zumda saytni topdim, osonlik bilan ariza topshirdim, agar ma’lumot olish kerak bo‘lsa, barcha kontaktlar ko‘rsatilgan”.
Nikulenko tanlovdan o‘tishga va xalqaro munosabatlar fakultetida o‘qishni davom ettirishga muvaffaq bo‘lishiga umid qilmoqda.