TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Janubiy Koreya O‘zbekiston bog‘chalariga 275 ta robot va 350 ta o‘quv qo‘llanmasini sovg‘a qildi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi Sputnik nashriga ma’lum qildi.
Robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan Albert va Genibot aqlli robotlarini topshirish marosimida MTV, Koreya robot sanoatini rivojlantirish instituti (KIRIA), Koreya o‘qituvchilar uyushmasi, shuningdek, FRG Korea, Dazzle Edu, Genie Robot va SK Telecom kompaniyalarining vakillari onlayn tarzda ishtirok etdi.
“Biz bolalar bog‘chalarida dasturlash ko‘nikmalari haqida gapirganda, kod yozishni nazarda tutmaymiz. Gap zamonaviy real hayot sharoitlarida muvaffaqiyat garovi bo‘lmish algoritmik tafakkurni rivojlantirish haqida ketmoqda. O‘yin uslubidagi robotlar ijodkorlik, mantiq, namunalarni tanib olish va optimal yechimlarni topish qobiliyatlarini rivojlantiradi”, - dedi MTV huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi direktori Oyatillo Rahmatillayev.
Albert va Genibot robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o‘yinchoqni harakatlanishga, ko‘zini miltiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi kattaroq bolalar robotni smartfonga ulab, o‘z buyruqlari va algoritmlarini yaratishlari mumkin.
Ta’kidlanishicha, robotlarga asoslangan o‘qitish dasturi Koreya Respublikasida yaxshi natijalar ko‘rsatgan. U yerda hukumat ko‘magida butun mamlakat bo‘ylab mingdan ziyod o‘quvchilarni qamrab olgan 140 ta sinf ochildi. Fransiya, Ispaniya, Kosta-Rika va Perudagi maktablar va bolalar bog‘chalarida ham shu kabi pilot dasturlari ishga tushirilgan.
Albert va Genibot robotlari butun O‘zbekiston bo‘ylab 53 ta MTTga taqsimlanadi. Joylarda ustozlarni o‘qitish va pilot loyihasi natijalarini monitoring qilish ishlari MTV huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi tomonidan olib boriladi.
Agar pilot loyihasi muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston MTV yanada ko‘p bolalar bog‘chalarini aqlli robotlar bilan ta’minlaydi, shuningdek, ularning ish funksiyalarini imkoniyatlari cheklangan bolalarga mo‘ljallangan dastur bilan to‘ldiradi.