“Nukus City” qurilishida qariyb 250 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi

“Suv ta’minoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Qoraqalpog‘iston hududiy boshqarmasi hamda “Granit Montaj Stroy” MChJ mansabdorlari 246,1 million so‘mni o‘margan.
Sputnik
TOShKENT, 7 fev — Sputnik. “Nukus City” qurilishida 246 million so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.
Angrenda obodonlashtirishga ajratilgan 638,3 mln so‘m talon-taroj qilindi
Ma’lum qilinishicha, “Suv ta’minoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Qoraqalpog‘iston hududiy boshqarmasi hamda “Granit Montaj Stroy” MChJ o‘rtasida 2020-yilning 18-sentabrida 3,5 milliard so‘mlik shartnoma tuzilgan.
Ushbu mablag‘lar Nukus shahri, A.Shamuratova ko‘chasi avtomobil yo‘lining asfalt qoplamasini qayta tiklash va “Nukus City” markazidagi ko‘p qavatli uylarning suv va kanalizatsiya tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga sarflanishi lozim bo‘lgan.
Shartnomaga asosan “Granit Montaj Stroy” 236,5 million so‘mga asfalt qoplamasini tiklashi, 9,6 million so‘mga suv tarmoqlarini ta’mirlashi kerak bo‘lgan. Ammo bu ishlar to‘liq bajarilmasdan, bajarilganligi haqida hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritilgan. Natijada jami 246,1 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
Holat yuzasidan “Suv ta’minoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamda “Granit Montaj Stroy” mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.