Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi yordamchisi Iya Malkina Almatidan tashkil etilgan Sputnik videoko‘prigi orqali YeOII mamlakatlari va kuzatuvchi-davlatlar hukumat rahbarlari sammiti natijalarini sarhisob qilar ekan, hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan umumiy intilishlarni alohida e’tirof etib o‘tdi.
Malkinaning aytishicha, O‘zbekiston tez orada Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi o‘z rasmiy vakilini tayinlashi kerak, bu esa umumiy masalalarni hal etishda yanada samarali hamkorlik qilish imkoniyatini beradi.
Undan tashqari, o‘zaro anglashuv memorandumi va yo‘l xaritasi loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjatlar davlat rahbari tasdig‘ini kutmoqda.
"Bitim tuzilgan, umid qilamizki, u tez orada, 2021-yilning birinchi yarim yilligida imzolanadi", - deb qayd etgan Malkina.
Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar - bu Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistondir. O‘zbekiston, Moldova va Kuba - kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston barcha ochiq tadbirlarda va munozaralarda ishtirok etish imkoniyatiga ega, bu esa ushbu ittifoqqa keyingi integratsiya to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilishga imkon beradi.