TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi xonanda Jasur Umirovning ishi bo‘yicha dastlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan IIB tergovchisining harakatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlab tergovga qadar tekshirish harakatlari olib bormoqda. Biror-bir shaxsning harakatida jinoyat alomatlari mavjud emasligi asosi bilan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB tergovchisining harakatlari o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jasur Umirov Jinoyat kodeksining nomusga tegish moddasi bilan aybdor deb topilgani va 5-yilga qamalgani xabar qilingan edi.