TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida qurilish-ta’mirlash ishlari bahonasi yirik mablag‘ni talon-taroj qilgan MChJ rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot Sputnik nashriga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. Unda Samarqand tumanidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabda “F.” MChJ amalga oshirgan ishlar o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, jamiyat rahbarlari smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlarini amalda to‘liq bajarmasdan, ma’lumotlarni qo‘shib yozishgan. Buning ortidan 631,7 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan.
Xuddi shunday Kattaqo‘rg‘on tumanida ham kuzatilgan. Tumandagi uchta mahallada qurilgan suv chiqarish inshootida “N.” MChJ tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganilganda 240,5 mln so‘m budjet mablag‘lari yeb ketilgani aniqlangan.
Jamiyat rahbarlari smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlarini amalda to‘liq bajarmasdan, ma’lumotlarni qo‘shib yozishgan.
Mazkur holatlar yuzasidan MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.