TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Buyuk Britaniya hukumati Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqqandan so‘ng mamlakatning tashqi siyosati yo‘lini aniq belgilab olishi zarur, chunki Qirollik bir vaqtning o‘zida ham YeI, ham AQShning yaqin ittifoqdoshi bo‘lolmaydi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Britaniyaning “The Guardian” gazetasiga bergan intervyusida shunday fikrni bildirdi.
“Buyuk Britaniya qaysi yo‘lni tanlamoqchi? Ham AQShning yaqin ittifoqdoshi, ham YeIning yaqin ittifoqdoshi, ham yangi Singapur bo‘lish mumkin emas. Aniqlashtirib olmoq zarur”, - dedi Fransiya yetakchisi.
“Menda taassurot tug‘ildiki, mamlakat yetakchilari o‘z fuqarolariga hamma narsani birdaniga va’da qilishgan. Agar Buyuk Britaniya to‘liq transatlantika siyosatiga o‘tishga qaror qilsa, unda bu haqda aniq ma’lum qilish darkor, chunki bunday holatda bu YeI bilan hamkorlik va bozordan foydalanish qoidalari bo‘yicha to‘g‘ri kelmaslikni anglatadi”, - deya ta’kidladi Makron.
Shu bilan birga Fransiya prezidenti “Buyuk Britaniya bilan yaxshi va tinch munosabatlarni xohlagan bo‘lishini” ta’kidladi.
“Men umumiy maqsadlar va taqdir tarafdoriman. Men umid qilamanki, (Buyuk Britaniya bosh vaziri) Boris Jonson bu masalada mening fikrimga qo‘shiladi, zero, o‘ylashimcha, britaniyaliklarning o‘zi ham shunday o‘ylashadi. Biz ittifoqdosh bo‘lib qolamiz. Tarix va geografiya hech qanday o‘zgarmadi, shuning uchun britaniyaliklarning taqdiri biznikidan farq qiladi deb o‘ylamayman”, - dedi u.
Buyuk Britaniya Yevroittifoqni 2020-yil 1-fevralga o‘tar kechasi tark etdi. 2021-yil 1-yanvar kuni Brexit amalga oshirilgandan keyin amalda bo‘lgan o‘tish davri yakunlandi.