Jizzaxda oltin qazib olmoqchi bo‘lgan kishilarni tosh bosib qoldi 

Jizzaxda chuqur shaxtadan qo‘lbola usulda oltin qazib olmoqchi bo‘lgan fuqarolarni tosh bosib qoldi. Ikki kishi vafot etdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 yanv - Sputnik. Jizzax viloyatida tog‘ ostidan oltin qazib olmoqchi bo‘lgan 2 kishini bosib qoldi, deb xabar qilmoqda IIV. 
Voqea 26 yanvar kuni G‘allaorol tumanining Buloqboshi qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ushbu joyda yashovchi 4  nafar fuqaro hududdagi tog‘dan noqonuniy ravishda oltinli rudani qazib olmoqchi bo‘lishadi. Ushbu maqsadda ular yaqin atrofdagi tog‘ bag‘rida chuqurligi 12-15 metr bo‘lgan qo‘lbola shaxta kovlashadi.
Toshkentda 14kg oltin qo‘lga olindi
Noqonuniy ruda qazib olish vaqtida fuqarolarni tosh bosib qoladi. Oqibatda 2 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan yana 2 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Voqeadan so‘ng, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari va mahalla faollari va nuroniylar ishtirokida muhokama uyushtirdi. Muhokamada fuqarolarga noqonuniy faoliyat oqibatlari, foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olish uchun javobgarlik va boshqa masalalar tushuntirib berildi.
Ma’lumot uchun, ushbu hududda 2017-yildan shu kunga qadar noqonuniy ravishda tarkibida qimmatbaho oltin zarralari bor bo‘lishi mumkin bo‘lgan ruda toshlarni talon-taroj qilganlik holati bo‘yicha bir necha fuqarolar javobgarlikka tortilgan.