Qator OTM yotoqxonalari COVID-19 aniqlangani sabab yopilgani haqidagi xabar rad etildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zMU, TDShU, FarPI, TATU Samarqand filiali talabalarida koronavirus aniqlanganini rad etdi.
Sputnik
TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zMU, TDShU, FarPI, TATU Samarqand filiali talabalarida koronavirus aniqlangani hamda fakultet va yotoqxona qavatlari dezinfeksiya uchun yopilgani  to‘g‘risida xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu oliy ta’lim muassasalari  talabalari orasida ayni kunlarda koronavirus aniqlanmagan va birorta ham talabalar turar joyi binosi yopilmagan.
Barcha OTMlar 11-yanvardan an’anaviy ta’limga qaytadi
Vazirlik asossiz va yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatgan.
“Qolaversa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalari bu kabi (kasallik aniqlanishi) holatlar jiddiy tus olib, keng tarqala boshlasa, ularni yashirishdan manfaatdor emas”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) talabasida koronavirus infeksiyasi aniqlangani xabar qilingan edi.