TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. “Yallama” chegara-bojxona postida tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar qilmoqda.
Agentlik, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda Xitoy davlatidan Qozog‘iston orqali mamlakatga import tovarlarini tashish bilan shug‘ullanuvchi avtofura haydovchilaridan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruhi fosh etilgan. Jinoyatchilar post orqali o‘tishlari jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib pul olib kelgan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida mazkur jinoiy guruh soxta hujjatlar yordamida tovar-moddiy boyliklar importi bilan ham shug‘ullanganligi aniqlandi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 6 ta manzilda tintuv o‘tkazilgan. Natijada ulardan 410 ming dollar, turli ko‘rinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning ikki nafar yetakchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, tergov harakatlari doirasida guruh faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.