TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Tez orada Turkiston-Chimkent-Toshkent tezurar temir yo‘li qurilishi boshlanadi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin Hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishi davomida ma’lum qildi.
“Sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Turkiston-Chimkent-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha tezurar temir yo‘li qurilishi boshlanadi”, - dedi mamlakat bosh vaziri.
Maminning so‘zlariga ko‘ra, bu sayyohliq sohasida 22 ming yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi. Shuningdek, turizmga bog‘liq sohalarda ham 100 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiston-Chimkent-Toshkent tezurar temir yo‘li qurilishini O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Qozog‘iston bosh vazirining o‘rinbosari Roman Sklyar muhokama qilgan edi.